Sayohatni davom ettiramizmi?
Bugun ta’lim sohasida ancha yillik tajribaga ega hamda ko‘plab loyihalarda qatnashgan Nodir Murodilloyev bilan tanishamiz...
Ayni damda, qahramonimiz Chikago shahridagi “Illinois universiteti” magistranti hisoblanadilar. Keling davomi o‘zlaridan eshitsak)

Maktab davrim qiziqarli tajribalarga boy bo‘lgan...
Buxoro shahridagi 11-maktabni, keyin BDTI akademik litseyini bitirganman. Yoshligimdan tarix, xorijiy tillar hamda xalqaro munosabatlarga qiziqishim baland bo‘lgan. Hatto do‘stim bilan maktab gazetasini tashkil etganmiz.
Shu bilan birga, turli fanlardan olimpiadalarga qatnashganman, ayniqsa, yangi sohalarda o‘zim sinab ko‘rishni yaxshi ko‘rardim...
Toshkentdagi sarguzashtimning boshlanishi...
Kitob o‘qishga qiziqqanim sababli “Yosh kitobxon” loyihasida qatnashdim va faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Ko‘p o‘tmay, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim.
Universitet davrida American Council tomonidan tashkil etilgan YPIP dasturi davomidagi amaliyot meni yangi soha va turli insonlar bilan tanishishimga sabab bo‘ldi.
Qiyin vaziyatlar bizni o‘sishga undaydi...
Universitetni bitirgach xususiy kompaniyada ishlay boshladim. Shu bilan birga ijtimoiy faoliyatimni ham davom ettirib, Sinaps.uz loyihasida ta’limga oid turli qiziqarli ma’lumotlarni o‘zbek tiliga tarjima qildim.
Ta’limga oid qiziqishlarim TopBrains.uz jamoasiga qo‘shilishimga sabab bo‘ldi. Turli xil loyihalarni qilar ekanmiz, hali yana o‘rganadigan narsalarim ko‘pligini tushuna boshladim va xorijiy universitetlarga hujjat topshirdim.

Chikago, Illinois universiteti yoxud hayotimdagi yangi bir sahifa...
Universitetda o‘qishlarimiz boshlanganiga 2 oydan oshdi. Yangicha muhit, yangi insonlar va albatta yana talabalik davri.

Ushbu universitetga kirishim, El-Yurt umidi jamg‘armasi tanlovi - bularning barida qanchadir miqdorda qiyinchlik bo‘ldi. Biroq eng muhimi, harakatdan to‘xmaslik. Yo‘lga chiqdingizmi, albatta, manzilga yetib borasiz. Bugun bo‘lmasa, ertaga...